8 may holatiga ko‘ra O‘zbekistonda jarima ballari yig‘indisi eng yuqori 12 ga yetgan 49 nafar haydovchi qayd etildi. Holbuki, bundan bir hafta avval bunday qoidabuzar atigi 1 nafar edi.

Bunday holatlarning eng ko‘pi Toshkent shahrida qayd etilgan — 29 nafar haydovchi. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati (8 ta holat) va Buxoro viloyati (3 ta holat) turibdi. Toshkent va Andijon viloyatlarida 2 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan, Surxondaryo hamda Xorazm viloyatlarida esa 1 tadan holat qayd etilgan. Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida esa hozircha 12 jarima bali to‘plagan birorta haydovchi aniqlanmagan.

IIV JXX YHXB matbuot kotibi Zoir Yo‘ldashevning aytishicha, barcha 49 ta holat allaqachon sudga taqdim etilgan.

«Haydovchilik huquqidan mahrum qilingan haydovchilar nafaqat imtihon topshirishi, balki avtombilim yurtlarida (avtomaktablarda) o‘qishni ham o‘tashi kerak. Bunda nazariy imtihonda ulardan avvalgidek 20 savoldan 18 tasiga emas, 50 savoldan 46 tasiga to‘g‘ri javob berish talab etiladi», — dedi Zoir Yo‘ldashev.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-1-moddasiga ko‘ra, bir yil davomida jarima ballari 12 ga yetgan haydovchilar transport vositalarini boshqarish huquqidan kamida 6 oyga mahrum etiladi.