Bruklindagi Oceana teatri O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning 9-may kuni Nyu-Yorkdagi Brayton-Bichda o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsertini bekor qildi. Qaror shtat gubernatorligiga nomzod Bryus Bleykman ishtirokida shaharda bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyasidan so‘ng e’lon qilindi.

Teatrning Facebook sahifasida e’lon qilingan xabarda mablag‘ni qaytarish dastlabki xarid qilingan joyda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

«Mablag‘ni qaytarish dastlabki xarid qilingan joyda mumkin. Yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», — deyiladi Facebook’da e’lon qilingan xabarda.

Avvalroq, Nyu-Yorkdagi bir qator siyosiy arboblar xonandaning konserti o‘tkazilishiga qarshi chiqish qilib uni antisemitik bayonotlarda ayblashgan. Konsert bekor qilingach, Usmonova videomurojaat e’lon qildi va uzr so‘rashdan bosh tortdi.

Javoban Usmonova uzr so‘rash niyati yo‘qligini aytdi: «Agar siz, sionistlar, men uzr so‘rayman deb o‘ylasangiz, qattiq adashasiz». Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, noroziliklarning keskinlashishini u mahalliy siyosat va saylovlar bilan bog‘laydi, qarama-qarshilikning o‘zi esa, san’atkor fikricha, uning mashhurligi oshishiga xizmat qilmoqda: «Hatto meni shod qiladi — sizlarda qiladigan ish yo‘q ekan, hamma menga qarshi yig‘ilibdi. Demak, men sizlarni yaxshi “tebrata” olaman».
Nyu-York Assambleyasi deputati Maykl Novaxov siyosatchilar xonandaning AQShdagi barcha chiqishlarini bekor qilish va uning vizalarini anul qilishga erishishga intilishini bildirdi.