AQSh prezidenti Donald Tramp Versalda bo‘lgan paytida AQSh va Eron o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzoladi. Bu haqda, TASS xabar berishicha, Fransiyaga safari davomida amerikalik yetakchiga hamrohlik qilayotgan Oq uy press-puli jurnalistlari ma’lum qildi.

«Oq uy prezident Versalda bo‘lgan paytida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolaganini tasdiqladi», — deyiladi press-pul xabarida.

Avvalroq Axios portali memorandumning taxminiy matnini e’lon qilgan:

1. Barcha frontlarda urushni to‘xtatish  

Tomonlar Livanni ham o‘z ichiga olgan barcha frontlarda harbiy amaliyotlarni darhol va doimiy to‘xtatishni e’lon qiladi. Ular bir-biriga qarshi urush boshlamaslik va kuch ishlatmaslik majburiyatini oladi, shuningdek Livanning hududiy yaxlitligi va suverenitetini kafolatlaydi.

2. Suverenitetni hurmat qilish va ichki ishlarga aralashmaslik  

AQSh va Eron bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish hamda ichki ishlariga aralashmaslik majburiyatini oladi.

3. Yakuniy kelishuv uchun 60 kun  

Tomonlar muzokaralar o‘tkazish va o‘zaro kelishuv asosida uzaytirish imkoniyati bilan, maksimal 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishish majburiyatini oladi.

4. Dengiz blokadasini bekor qilish va kuchlarni olib chiqish  

AQSh Eronga qarshi dengiz blokadasi va har qanday to‘siqlarni darhol bekor qilishni boshlaydi. Jarayon to‘liq 30 kun ichida yakunlanishi kerak. Bu davrda kemalar harakati Eron tomonidan urushgacha bo‘lgan hajmlarni tiklashga mutanosib bo‘ladi. AQSh, shuningdek, yakuniy kelishuvdan keyin 30 kun ichida «Eron atrofidagi hududlar»dan kuchlarni olib chiqish majburiyatini oladi.

5. Ormuz bo‘g‘ozini ochish  

Eron 60 kun davomida tijorat kemalarining to‘lovsiz xavfsiz o‘tishini ta’minlash majburiyatini oladi. Harakat darhol boshlanadi, biroq minalardan tozalash va texnik to‘siqlarni bartaraf etishni inobatga olgan holda 30 kun ichida to‘liq hajmda tiklanadi. Eron, shuningdek, bo‘g‘ozni kelajakda boshqarish bo‘yicha boshqa qirg‘oqbo‘yi davlatlari bilan birgalikda Ummon bilan muloqot olib boradi.

6. Eronni tiklash uchun 300 milliard dollar  

AQSh mintaqaviy hamkorlar bilan birgalikda Eronni tiklash va iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kamida 300 milliard dollarlik muvofiqlashtirilgan reja ishlab chiqish majburiyatini oladi. Amalga oshirish mexanizmi yakuniy kelishuvning bir qismi sifatida 60 kun ichida belgilanadi.

7. Barcha sanksiyalarni bekor qilish  

AQSh Eronга qarshi barcha turdagi sanksiyalarni — BMT Xavfsizlik Kengashi va MAGATE rezolyutsiyalaridan tortib, kelishilgan jadvalga muvofiq yakuniy kelishuv doirasidagi birlamchi va ikkilamchi bir tomonlama amerika cheklovlarigacha — bekor qilish majburiyatini oladi.

8. Yadro qurolidan voz kechish va uran taqdiri  

Eron yadro quroli yaratmasligini yoki ishlab chiqmasligini tasdiqlaydi. Tomonlar boyitilgan uran zaxiralari taqdirini hal etish mexanizmini kelishib oladi. Variantlardan biri — MAGATE nazorati ostida joyida suyultirish. Shuningdek, boyitish masalalari va Eronning yadroviy ehtiyojlari muhokama qilinadi.

9. Muzokaralar davrida status-kvoni saqlash  

Tomonlar yakuniy kelishuvgacha status-kvoni saqlashga kelishadi: Eron yadroviy dasturining joriy darajasini ushlab turadi, AQSh yangi sanksiyalar kiritmaydi va mintaqada harbiy ishtirokni oshirmaydi.

10. Eron neftini eksport qilishga ruxsat  

AQSh memorandum imzolangandan so‘ng darhol va sanksiyalar bekor qilinmaguncha Eronning xom nefti, neft mahsulotlari va hosilalari, shuningdek barcha bog‘liq xizmatlar — bank, sug‘urta, transport — eksportiga ruxsatnomalar berish majburiyatini oladi.

11. Aktivlarni muzdan tushirish  

AQSh memorandum amalga oshirilgach, Eronning muzlatilgan yoki cheklangan mablag‘lari va aktivlarining to‘liq mavjudligini ta’minlash majburiyatini oladi. Tartib-taomillar muzokaralar jarayonida kelishib olinadi. Mablag‘lar Eron Markaziy bankining maqsadli to‘lovlari uchun mavjud bo‘ladi.

12. Nazorat mexanizmi  

Memorandumning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini va yakuniy kelishuvga rioya qilinishini kuzatish uchun ijro mexanizmi yaratiladi.

13. Muzokaralar ketma-ketligi  

Memorandum imzolangandan va 4, 5, 10 va 11-bandlar (blokada, bo‘g‘oz, neft, aktivlar) ijrosini boshlash bo‘yicha kafolatlar olingandan so‘ng, tomonlar yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni faqat qolgan bandlar yuzasidan boshlaydi.

14. BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullash  

Yakuniy kelishuv BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy rezolyutsiyasi bilan ma’qullanadi.