Surxondaryo viloyatidagi «Termiz-avto» chegara bojxona postida Afg‘onistondan yirik miqdordagi giyohvand moddalarni olib kirish bo‘yicha urinishning oldi olindi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yuk avtomashinasida tashilayotgan ekskavator konstruktsiyasiga 593 kg gashish va 3 kg opiy yashirib qo‘yilgan.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya DXXning tezkor bo‘linmalari, Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan. Afg‘oniston fuqarosi boshqargan yuk mashinasi belgilangan tekshiruvdan o‘tkazilgach, tirkamadagi ekskavator inspeksiya-ko‘rik majmuasi orqali skaner qilindi — ko‘tarish qismida konstruktsiyada nazarda tutilmagan buyumlar payqaldi.
Shundan so‘ng texnika bo‘shliqlari endoskopik uskunalar yordamida ko‘zdan kechirildi va bu giyohvand moddalar yashirilgan joy borligini tasdiqladi. Huquq-tartibot idoralari talqiniga ko‘ra, guruh a’zolari tong oldi soatlarida harbiy xizmatchilarning hushyorligi pasayishiga umid qilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda musodara qilingan giyohvand moddalarning egalarini aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.