AQSh Davlat departamenti prezident Donald Tramp tasviri pasport muqovasining ichki tomoniga joylashtirilgan cheklangan seriyadagi pasportlarni chiqarish rejasini e’lon qildi, xabar beradi The Bulwark. Bu qadam Qo‘shma Shtatlar mustaqilligining 250 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, pasport muqovasining ichki tomonida Trampning portreti Mustaqillik deklaratsiyasi matni va Amerika bayrog‘i fonida, shuningdek, oltin rangda bajarilgan uning imzosi joylashtiriladi. Muqovaning orqa tomonida esa mamlakat yubileyini ifodalovchi «250» raqami bilan Amerika bayrog‘i tasvirini joylashtirish rejalashtirilgan.

Davlat departamenti matbuot kotibi Tommi Pigottning aytishicha, ushbu pasportlar barcha standart xavfsizlik choralari saqlangan holda «individual ishlab chiqilgan bezak va kuchaytirilgan vizual grafika»ga ega bo‘ladi. Kutilishicha, ular 2026 yil 4 iyuldan boshlab Vashingtondagi pasport agentligida yangi pasport rasmiylashtirayotgan AQSh fuqarolari uchun qo‘shimcha to‘lovsiz mavjud bo‘ladi.

Amaldagi prezident tasvirini rasmiy hujjatga joylashtirish qarori mutaxassislar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Jorjtaun universiteti professori va pasportlar tarixi bo‘yicha tadqiqotchi Edvard Kolla zamonaviy pasportlarda odatda amaldagi davlat rahbarlarining tasviri bo‘lmasligini ta’kidladi. U Amerika pasportlari an’anaviy ravishda prezident nomidan emas, balki davlat kotibi nomidan berilishini urg‘uladi.

Ushbu pasportlar chiqarilishi AQSh mustaqilligining 250 yilligini nishonlashga qaratilgan turli tadbirlarni — masalan, Milliy alleyada Grand Prix poygasini o‘tkazish va Oq uy yonida UFC jangini — o‘z ichiga oluvchi kengroq «America250» tashabbusining bir qismidir.