O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-may bayramini nishonlash uchun Moskva (Rossiya)ga bormaydi, xabar qiladi Gazeta.uz hukumatdagi manbaga tayanib.
Aniqlashtirilishicha, Xotira va qadrlash kuni arafasida — 8-may kuni — davlat rahbari G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, «Matonat madhiyasi» monumenti hamda Milliy qahramonlar xiyobonida gul qo‘yadi.
Bundan tashqari, 8-may kuni Prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylaridan xabar olib, ularni bayram bilan tabrikladi. Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitalida u Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Halmatov va Vladimir Alekseykov bilan samimiy suhbatlashib, ularning ahvoli va sog‘lig‘i bilan qiziqdi hamda ularning hayot yo‘li va ko‘rsatgan jasoratini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining 16-apreldagi qaroriga muvofiq urush qatnashchilari va mehnat fronti faxriylariga alohida e’tibor hamda ko‘mak ko‘rsatilmoqda, jumladan, sog‘liqni mustahkamlash uchun sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanmalar berilmoqda.
Avvalroq Kreml Moskvaga keladigan xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Bu ro‘yxatda Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlari ko‘rsatilmagan.
Ta’kidlanishicha, bu 2018-yildan beri 9-mayga bag‘ishlangan Moskvadagi paradda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari ishtirokisiz o‘tadigan ilk tadbir bo‘ladi. Joriy yilda Qizil maydondagi marosim uzoq vaqtdan beri ilk bor harbiy texnikasiz o‘tkaziladi — qaror «tezkor vaziyat» va «terrorchilik tahdidi» bilan izohlangan.