Avvalroq 18 yoshli Artyom Xalikovning onasi video murojaat yozib olgan edi. Unda Xalikovga 7 sutkalik ma’muriy qamoq tayinlangani, biroq uni go‘yoki jazoni o‘tash joyiga emas, balki Ohangaron shahar prokuraturasiga olib borib, u yerda ushlab turishgani aytilgan. Shuningdek, uni ovqatlantirishmagani va advokat bilan uchrashuv taqdim etilmagani haqida ham xabar qilingan.

Vaziyat Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Majlisning Vakili tomonidan o‘rganildi. Ombudsman idorasi xabar berishicha, holat xabar e’lon qilingan kunning o‘zida nazoratga olingan. O‘sha kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga nazorat so‘rovi yuborilgan. Qo‘shimcha ravishda, 6 may kuni ombudsmanining Toshkent viloyatidagi hududiy vakili ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonaga tashrif buyurib, A.Xalikov bilan uchrashgan.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, A.Xalikov maxsus qabulxonada saqlanayotgani aniqlandi. Murojaatda ko‘rsatilgan saqlash sharoitlari, ovqatlanish, sog‘liq holati va boshqa holatlar o‘rganildi. Shaxsiy suhbat davomida A.Xalikov ovqat belgilangan tartibda berilayotganini, shuningdek, xodimlar harakatlari va saqlash sharoitlari bo‘yicha unda shikoyat yo‘qligini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, 7 may kuni A.Xalikovning ma’muriy qamoq muddati yakunlangan, shundan so‘ng u maxsus qabulxonadan to‘liq ozod etilgan. O‘sha kuni, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan faktlar bo‘yicha olib borilayotgan dastlabki tekshiruv doirasida u Toshkent viloyati prokuraturasining tergov bo‘limiga yuborilgan.

Ombudsman vaziyat rivojini kuzatishda davom etishini va natijalarga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot taqdim etishini bildirdi.