Toshkentda Mirzo-Ulug‘bek tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tadbirkor va Real Sanjik nomi bilan tanilgan bloger Sanjar Karimovga hukm chiqardi. U umumiy tartibli koloniyada jazo o‘tash bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi, shuningdek 410 BHM miqdorida jarima belgilandi.

Karimov Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘ravonlik qo‘llash bilan tahdid), 168-moddasi 4-qismi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 273-moddasi 2-qismi (giyohvand moddalarni noqonuniy tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) bo‘yicha aybdor deb topildi. 

Agar apellyatsiya berilmasa, qaror shikoyat qilish muddatlari tugagach kuchga kiradi. Avvalroq xabar qilingandiki, sud muzokaralari davomida himoya tomoni sudlanuvchining to‘liq aybsizligini ta’kidlagan, prokuror esa besh yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlashni so‘ragan.