Mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda ma’qullandi. Muhokama davomida ta’kidlanganidek, hujjat byurokratik yukni kamaytirish va fuqarolarni ishga qabul qilish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan.
Asosiy yangilik — hujjatlar ro‘yxatini qisqartirish: ishga joylashishda shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) talab qilinishi rejalashtirilmoqda. Bunda harbiy majburiyatli shaxslar va chaqiriluvchilar uchun harbiy bilet yoki harbiy hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish majburiyati saqlanib qoladi.
Loyihada, shuningdek, ishga qabul qilishda elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma taqdim etish talabi bekor qilinishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, elektron raqamli imzo yoki Face ID biometrik identifikatsiyasi bilan tasdiqlangan hujjatlarni yuridik kuchi jihatidan qo‘lda qo‘yilgan imzoli hujjatlarga tenglashtirish taklif etilmoqda.
Parlamentda tashabbus «mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, shuningdek xodimlar huquqlarini ishonchli himoya qilish»ga qaratilgani qayd etildi.
Hozirda, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 124-moddasiga ko‘ra, ishga qabul qilishda quyidagilar talab etiladi: pasport (ID-karta), 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va yashash joyidan ma’lumotnoma; mehnat daftarchasi, o‘rindoshlik asosida ishlovchilar uchun — asosiy ish joyidan ma’lumotnoma; harbiy bilet yoki qayd guvohnomasi (harbiy majburiyatli yoki chaqiriluvchilar uchun); diplom yoki ishni bajarish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma — maxsus ta’lim talab qilinadigan lavozimlar uchun.