2026 yil 29 aprel kuni soat 17:05 da Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushdi — unda Yashnobod tumanidagi TKAD ko‘chasida joylashgan omborxonada yong‘in chiqqani aytilgan. Idora ma’lumotiga ko‘ra, qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga soat 17:08 da yetib kelib, yong‘inni bartaraf etishga kirishgan. Yong‘in 17:30 da lokallashtirilib, 17:47 da to‘liq o‘chirilgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.

FVB ta’kidlashicha, yong‘in aynan ishlab chiqarish korxonasining omborida sodir bo‘lgan va bozorga aloqasi yo‘q. Noto‘g‘ri talqin obyekt bozor hududiga yaqin joylashgani sababli yuzaga kelgan.

Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.