Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, go‘yoki Patrul-post xizmati (PPX) xodimining voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qonunga xilof harakatlari sodir etilgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmaganini bildirdi. Idora ta’kidlashicha, o‘tkazilgan tekshiruv ushbu da’volarning haqiqatga mos kelmasligini ko‘rsatgan.

IIBBda qisqacha voqea tafsilotlarini keltirishdi:

«Joriy yil 27 aprel kuni taxminan soat 00:40 da Ohangaron shahar Ichki ishlar bo‘limi (IIB)ning PPX xodimiga uning tanishi — 22 yoshli A.K. (ayol) qo‘ng‘iroq qilib, maslahat olish zarurligini aytib, uni uyiga taklif qildi.

Xodim yetib kelganida, 22 yoshli A.K. o‘zining 14 yoshli tanishi bilan birga chiqdi va ikkalasi xodimning avtomobiliga o‘tirdi.

Shu paytda videomurojaatni yozib olgan 18 yoshli A.X. to‘rt nafar tanishi bilan birga kelib, xodimni haqorat qila boshladi va mojaroni keltirib chiqardi. U 14 yoshli qizning qarindoshi emas»

Vaziyatda voyaga yetmagan shaxs tilga olingani sababli, to‘liq tafsilotlar hozircha oshkor etilmaydi, deya qo‘shimcha qilishdi IIBBda.


Boshqarmada, shuningdek, surishtiruv yakuniga ko‘ra yolg‘on ma’lumot tarqatgan shaxslarga nisbatan ma’muriy ta’sir choralari ko‘rilishi, og‘ir oqibatlar yuzaga kelgan taqdirda esa qonunda nazarda tutilgan jinoiy javobgarlik belgilanishi aytildi.