Shveytsariyaning Federal jinoyat sudi O‘zbekiston sobiq prezidenti qizi Gulnora Karimovaga qarshi pul yuvish ishi bo‘yicha jarayonni to‘xtatdi. Sabab — uni tinglovlarda ishtirok ettirishning imkonsizligi, xabar beradi Swissinfo.

Sud ayblanuvchining kelishini tashkil etish uchun barcha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rganini qayd etdi. 2024 yil avgustida Shveytsariya instansiyasi vakillari O‘zbekistonga borib, masalani mamlakat Oliy sudi bilan muhokama qilgan, biroq kelishuvga erishilmagan. 2026 yil yanvarida sud tegishli so‘rovni yakuniy ravishda rad etdi.

«Bugungi kunda Shveytsariya Federal jinoyat sudining ishni mijozimiz Gulnora Karimova foydasiga to‘xtatishi amalda Shveytsariya huquqi bo‘yicha oqlanishga teng», — dedi Reuters’ga uning advokati Greguar Manja.

Ish yuritish Shveytsariya prokuraturasi Karimovaning «o‘ng qo‘li» va uning nominal vakili deb atagan ikkinchi ayblanuvchiga nisbatan ham to‘xtatildi. Sud xulosasiga ko‘ra, u xalqaro hibsga olish orderlari sabab Bellinzona shahriga kela olmaydi. Nazariy jihatdan u muhojirlikda bo‘lgan Rossiyadan chiqib ketishi mumkin, biroq 2022 yildan beri mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘q, uchinchi davlatlar orqali safar esa qo‘lga olinishi xavfi bilan bog‘liq. Sud bahosiga ko‘ra, 2027 yil iyunida da’vo muddati tugaguniga qadar bu shaxsning ishtirokini ta’minlash imkonsiz, bu esa doimiy protsessual to‘siqni yuzaga keltiradi.

Shu bilan birga, sud ta’kidladi: ishning bir qismi to‘xtatilishi butun jarayon yakunlandi degani emas. Lombard Odier aktivlarini sobiq boshqaruvchisi va bankning o‘ziga nisbatan asosiy muhokama davom etmoqda — ularning ishtirokiga to‘sqinlik yo‘q. Shuningdek, Karimovaga aloqador mablag‘lar masalasi ham ochiq qolmoqda: ularni musodara qilish imkoniyati keyingi ko‘rib chiqish jarayonida baholanadi.

Ayblovlar mohiyati va kontekst

Karimova ishi bo‘yicha sirtdan sud jarayoni Shveytsariyada 27 aprel kuni boshlangan. U poraxo‘rlikda, pul yuvishda va tergov versiyasiga ko‘ra 2005–2012 yillarda yuzlab million dollar chiqarib ketilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan The Office nomli jinoiy tarmoqni boshqarganlikda ayblanmoqda. Prokuratura ta’kidlashicha, qo‘g‘irchoq shaxslar orqali Shveytsariya banklarida 30 dan ortiq hisob ochilgan, mablag‘lar esa kelib chiqishini yashirish uchun ular o‘rtasida ko‘chirib o‘tkazilgan. Qayd etilishicha, pullar telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirish evaziga kelgan.

Ishda Lombard Odier aktivlarini sobiq boshqaruvchisi va bankning o‘zi ham tilga olinadi. Ayblovga ko‘ra, u 2008–2012 yillarda turli o‘zbek benefitsiarlar uchun to‘qqizta hisob ochgan, holbuki haqiqiy naf oluvchi Karimova ekanini bilgan. Soxta benefitsiarlar ko‘rsatilgan bu hisoblar uning portfelining qariyb 90 foizini — 470 mln shveytsar frankini, ya’ni 599 mln dollarni tashkil etgan.