10 may kuni Toshkentda kuchli yog‘ingarchilik tufayli shahar sakkiz tumanidagi 23 manzildan suv toshqinlari holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi, xabar qildi Toshkent hokimligi. Eng ko‘p murojaatlar Mirzo Ulug‘bek tumanida (6 manzil) qayd etilgan, undan keyin Shayxontohur (4), Yashnobod (3), Mirobod (3), Olmazor (2), Chilonzor (2), Yunusobod (2) va Yakkasaroy (1) tumanlari keladi.
Mutasaddi xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, 10 may kuni yog‘ingarchilik hajmi 35 mmni tashkil etgan, uning sezilarli qismi ikki soatdan kam vaqt ichida yog‘gan — bu o‘rtacha oylik me’yorning yarmidan ko‘pi. Taqqoslash uchun, Toshkentdagi amaldagi yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimi sutkasiga 20 mmgacha yog‘inni qabul qilishga mo‘ljallangan, master-reja esa o‘tkazuvchanlikni bosqichma-bosqich sutkasiga 36 mmgacha oshirishni nazarda tutadi. Eng kuchli yomg‘ir davrida infratuzilma istiqbolli hisob-kitob parametrlariga yaqin bo‘lgan qisqa muddatli yuklamaga duch kelgan, shu sabab ayrim nuqtalarda suv hajmi bir vaqtning o‘zida mavjud irrigatsiya tarmoqlari va quvurlar imkoniyatlaridan oshib ketib, bir qator hududlarda suv to‘planishiga olib kelgan.
Alohida ta’kidlanishicha, ayrim joylarda vaziyatni mahalliy omillar yanada og‘irlashtiradi: suv chiqarish elementlarining axlat bilan tiqilib qolishi, o‘zboshimcha qurilishlar, shuningdek, ariq va irrigatsiya tizimlarining avtoturargohlar yoki boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun yopib qo‘yilishi. Oqibatlarni tezkor bartaraf etish uchun favqulodda vaziyatlar xizmatlari, drenaj-kollektor tizimlari, kanallar, kommunal xizmatlar va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari hamda brigadalari jalb etildi; joylarda 60 tadan ortiq maxsus texnika ishladi. Ko‘rilgan choralar natijasida suv toshqinlari oqibatlari bir soat ichida to‘liq bartaraf etildi.
Har bir manzil bo‘yicha ishchi guruhlar vaziyatni dastlabki o‘rganib chiqib, zarur choralarni belgiladi. Ko‘rib chiqilayotgan yechimlar qatorida — 5 manzilda irrigatsiya tizimini barpo etish, bir uchastkani loyihachilar bilan birgalikda qayta o‘rganish, qo‘shimcha 3 ta dyuker o‘rnatish, bitta obyektda diametri 800 mm bo‘lgan quvurlarni, boshqa qator uchastkalarda esa diametri 500 mm bo‘lgan quvurlarni montaj qilish, qo‘shimcha nasos agregatlarini o‘rnatish va suv chiqarish quvvatini oshirish, 6 ta qo‘shimcha suv qabul qiluvchi panjara (reshyotka) o‘rnatish, shuningdek, tizimning ayrim uchastkalarida o‘tkazuvchanlikni kuchaytirish bor. Ishlarni manzilli tartibda davom ettirish, suv chiqarish infratuzilmasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish va mahalliy suv toshqinlari xavflarini kamaytirishga urg‘u berish rejalashtirilgan.