Prezident Shavkat Mirziyoyev bino ustiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyekti nomi va faoliyat turi haqidagi ma’lumotlarni reklama sifatida tasniflamaslikni, shuningdek bunday peshlavhalar uchun «pasport» rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechishni taklif qildi. Bu haqda tadbirkorlarni tashvishga solayotgan masalalarni hal etish va korxonalar ishining barqarorligini oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan davlat rahbari tanishuvi yakunlari bo‘yicha xabar qilinadi .

Muhokama chog‘ida baholarga ko‘ra ishbilarmonlik muhitini yomonlashtiradigan hamda aholi va biznes vakillari noroziligiga sabab bo‘layotgan omillar tilga olindi. Shular qatorida peshlavhalar va brend belgilarini joylashtirishning amaldagi tartibi ham bor: ayrim holatlarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi ko‘rsatilgan peshlavhalar reklama bilan tenglashtiriladi. Bu esa, o‘z navbatida, alohida hujjatlar paketini rasmiylashtirishni va tegishli to‘lovlarni amalga oshirishni talab qiladi.

Qayd etilishicha, bunday amaliyot tadbirkorlar uchun qo‘shimcha ma’muriy yuk yaratadi hamda savdo va servis obyektlarining tanilishiga, mijozlar oqimiga va tushumga ta’sir ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan bunday axborot belgilarini tasniflashga yondashuvni qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.

Shuningdek, reklama va boshqa axborot konstruksiyalarini joylashtirish bo‘yicha dizayn talablari tadbirkorlar fikrini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etilishi taklif qilindi. Qo‘shimcha ravishda, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgilarini joylashtirish tartibini soddalashtirish ham taklif etilmoqda.