Buxoro viloyatida buxgalter Telegram orqali harakat qilgan firibgarlar qurboniga aylandi: o‘zini Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan shaxslarga ishongan ayol ularga 1 mlrd 9 mln so‘m o‘tkazib bergan.
Hodisa o‘tgan yilning dekabrida sodir bo‘lgan. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar ayolni bank xodimlari go‘yoki uning jamg‘armalarini o‘g‘irlashga urinayotganiiga ishontirib, pullarni «xavfsiz kartalar»ga o‘tkazish orqali «saqlab qolish»ni taklif qilishgan.
Mablag‘lar to‘rtta turli bankdan yuborilgan. Keyin esa pullar Toshkent, Xorazm, Andijon va boshqa hududlar fuqarolari nomiga rasmiylashtirilgan drop-kartalar orqali naqdlashtirilgan.
Qayd etilishicha, sxemada voyaga yetmaganlar va talabalar ham ishtirok etgan: ular o‘z bank kartalarini vositachilarga 100 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha bo‘lgan summalarga sotishgan. Olingan pullar turli shaharlardagi bankomatlar orqali yechib olingan yoki kriptovalyutaga konvertatsiya qilingan.
Toshkentda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar asosiy tashkilotchi qo‘lga olingan. Ularning avtomobillarini ko‘zdan kechirish chog‘ida o‘nlab telefonlar, SIM-kartalar va 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ musodara qilingan.
JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘g‘irlangan 1 mlrd 9 mln so‘m jabrlanuvchiga qaytarishga muvaffaq bo‘lingan.