O‘zbekistonda hantavirus infeksiyasining birorta ham holati qayd etilmagan, xabar berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolmoqda, muntazam virusologik monitoring davom etmoqda.

SЭСda eslatishlaricha, JSST baholariga ko‘ra, hantavirus koronavirus kabi tez tarqalmaydi va global pandemiya tahdidi sifatida ko‘rilmaydi. Dunyoda hantaviruslarning 20 dan ortiq turi ma’lum, biroq inson uchun xavfli bo‘lganlari faqat ayrimlari; Osiyo va Yevropada holatlar kam qayd etiladi, ayrim turlari esa ko‘proq Lotin Amerikasida uchraydi. Izohlar Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida e’lon qilingan.

Infeksiya manbai ko‘pincha kemiruvchilar bo‘lib, odamga yuqishi kam — hayvon ajratmalari bilan ifloslangan chang, buyumlar yoki mahsulotlar orqali, shuningdek zararlangan muhitda uzoq vaqt bo‘lish natijasida yuz beradi. Alomatlar qatorida isitma, bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, mushak va qorin og‘riqlari tilga olinadi; og‘ir kechishda buyrak yetishmovchiligi hamda nafas olish va yurak-qon tomir tizimlari tomondan asoratlar bo‘lishi mumkin.

Maxsus vaksina yo‘q, davolash simptomatik xarakterga ega. Idora gigiyenaga rioya qilish, tozalikka amal qilish, mahsulotlarni xavfsiz saqlash, meva-sabzavotlarni yuvish, nam tozalash o‘tkazish va yopiq xonalarni shamollatishni tavsiya etadi. Ta’kidlanishicha, infeksiyalarning olib kirilishini oldini olish uchun 53 ta chegara punktida doimiy sanitariya nazorati amal qiladi.

JSST avvalroq kruiz laynerida avj olish haqida xabar bergan: 11 may holatiga ko‘ra 147 kishidan 9 ta ehtimoliy holat va 3 ta o‘lim qayd etilgan.