Amerikalik moliyachi Jyeffri Epshteyn o‘z orolida g‘ayrioddiy bino barpo etayotgan bo‘lib, uni xususiy suhbatlarda «masjid» deb atagan, xabar beradi The New York Times. Nashr ta’kidlashicha, u noyob islomiy artefaktlarni sotib olishga qiziqqan, ularni obyektni bezashda hamda NYT talqiniga ko‘ra, boy va ta’sirli tanishlar doirasini kengaytirishda ishlatgan.

NYT ma’lumotiga ko‘ra, Qur’ondan oyatlar tikilgan gobelenlar Makka shahridagi Ka’badan yetkazilgan. Ta’kidlanishicha, avval ular Ka’ba ichidagi muqaddas joylarni bezagan va uning tashqi devorlarini qoplagan. Bundan tashqari, Epshteyn O‘zbekistondan koshin hamda inshoot uchun oltin rangli metall gumbaz sotib olgan — u qadimgi Suriya me’morchiligi namunasi asosida yaratilgan.


Islomiy buyumlar tilga olingan hujjatlar, nashr ma’lumotiga ko‘ra, Epshteyn orolidagi g‘alati inshootga doir ko‘pdan beri yechilmay kelayotgan sirga ham oydinlik kiritadi. Dastlab loyiha hujjatlarda «hamam» va «islomiy bog‘» bilan o‘ralgan tarzda qayd etilgan, biroq keyin moliyachi bu g‘oyadan voz kechib, «musiqa xonasi» qurish uchun ruxsat olishga uringan. Loyiha ishtirokchilari bilan yozishmalarda Epshteyn obyektni «masjid» deb atagan — xususan, u O‘zbekistondagi aloqador shaxsiga ham shunday yozib, autentik koshin olishga harakat qilgan.

Moliyachi yollagan ruminiyalik rassom Ion Nikola Epshteyn bu ta’rifni haqiqatan ham muntazam ishlatganini aytgan. Biroq u binoni masjid sifatida foydalanishni rejalashtirgan-yo‘qligiga oid tasdiqlar yo‘q.

Jyeffri Epshteyn 2019 yil iyul oyida hibsga olingan. O‘shanda prokuratura 2002–2005 yillarda u Manxettendagi uyiga o‘nlab voyaga yetmagan qizlarning tashriflarini uyushtirgani haqida dalillar borligini bildirgan. AQSHda jinoyat ta’qibi 2019 yil 10 avgust kuni uning qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qilganidan so‘ng to‘xtatilgan.