Olmotaning Alatau tumanida Qozog‘istondagi ilk krematoriy ish boshladi, xabar beradi Tengrinews. Krematoriy patologoanatomik byuro yonida, turar joylardan uzoqda joylashgan — atrofida dalalar va sanoat zonasi bor. Muassasada joy profil obyektga yaqinligi hamda sanitariya-ekologik talablar inobatga olinib tanlangani aytildi.
Krematoriyda ikki kamerali chex uskunasi o‘rnatilgan: birinchi kamerada jasad yoqiladi, ikkinchisida esa atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish uchun moddalarning qayta yoqilishi amalga oshiriladi.
Majmua tarkibiga muzlatkich kamerali (48 o‘rin, +4°C) jasadlarni qabul qilish va saqlash xonalari, disseksiya va marosim zallari, shuningdek pechlar bloki kiradi. Jarayon oldidan jasad yuviladi, kiyintiriladi va zarurat bo‘lsa grim qilinadi. Kardiostimulyator krematsiyadan oldin olib tashlanadi, boshqa implantlar odatda chiqarib olinmaydi. Krematsiya narxi — 240 ming tenge ($518).
Ikki dona gaz pechi ishlaydi. Ish rejimiga chiqish uchun 800–1100°C gacha qizdirish kerak bo‘ladi va bu 35 soatgacha davom etishi mumkin. Krematsiya metall detallarsiz yog‘och tobutda amalga oshiriladi; jarayon ikki soatgacha davom etadi. Sovigandan so‘ng qoldiqlar maydalanadi, kulning o‘rtacha vazni — taxminan 2,5 kg.
Krematsiya faqat hayotligida yozma rozilikni (masalan, vasiyatnomada) yuridik tarzda rasmiylashtirganlarga nisbatan qo‘llanadi, og‘zaki bayonot yetarli emas. Jinoyat bilan bog‘liq o‘lim holatlarida krematsiya o‘tkazilmaydi. Kul kolumbariyda yoki oilaviy qabrda dafn etish uchun urnaga joylanadi. Qozog‘istonda kulni sochish qonun bilan taqiqlangan. Mamlakatda hozircha kolumbariy yo‘q — Olmota hokimiyatida uning ochilishi masalasi ko‘rib chiqilayotgani bildirildi.
Krematoriy ko‘pmillatli va ko‘p konfessiyali aholi uchun an’anaviy dafn marosimlariga muqobil sifatida atalmoqda. Avvallari qarindoshlarini krematsiya qildirish uchun Qozog‘iston fuqarolari ko‘pincha jasadlarni xorijga olib chiqishga majbur bo‘lishgan, bu esa xarajatlarni oshirgan. Hokimiyat shuningdek Olmota qabristonlarida joy tanqisligini ko‘rsatmoqda: shahar qabristonlarining aksariyati yopilgan, yangi uchastkalarni Olmota viloyatida joylashtirish rejalashtirilmoqda.