Surxondaryo viloyatida Denov shahrida yashovchi fuqaroning o‘limi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Viloyat IIBda xabar berilishicha, hodisa 27-aprel kuni soat 17:50 lar atrofida Denov shahrining Bog‘ishamol mahallasidagi avtomoyka oldida sodir bo‘lgan.
Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, A.U. (1970 y.t.) va uning o‘g‘li A.A. (1994 y.t.) jiyani K.Sh. (1989 y.t.) hamda uning uch nafar sherigi tomonidan hujumga uchragan. Aniqlashtirilishicha, mojaro pul masalasidagi kelishmovchilik tufayli kelib chiqqan. Kaltaklanganidan so‘ng, yosh yigitni kuch bilan Gentra avtomobiliga o‘tqazib, voqea joyidan olib ketishgan.
Jabrlanuvchi Denov tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Biroq olgan tan jarohatlari oqibatida u ertasi kuni vafot etgan. Jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi «k» va «e» bandlari («Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bezorilik niyatida, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan») bo‘yicha qo‘zg‘atilgan. To‘rt nafar gumonlanuvchining barchasi ushlangan va protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Manbaga ko‘ra, jinoyat ortida «Shakki» laqabli mahalliy fuqaro turishi mumkin.