2025/2026-yilgi mavsum Chempionlar ligasi yarim finalining ilk uchrashuvi doirasida Madridning «Atletiko» jamoasi va Londonning «Arsenal» klubi 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuv 29-aprel kuni Madriddagi «Riyad Eyir Metropolitano» stadionida bo‘lib o‘tdi.
Tanaffus oldidan hisobni «Arsenal» hujumchisi Viktor Dyokeresh ochdi: u 44-daqiqada penaltini aniq amalga oshirdi. Tanaffusdan keyin mezbonlar hisobni tenglashtirdi — 56-daqiqada «Atletiko» forvardi Xulian Alvares ham 11 metrlik jarima zarbasidan gol urdi.
Javob o‘yini 6-mayga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi va Londonda «Emireyts» stadionida o‘tkaziladi.