Kataloniyaning «Barselona» jamoasi Ispaniya futbol chempionatining 35-turida uy o‘yinida Madridning «Real» jamoasini mag‘lub etdi va muddatidan avval chempionlikni ta’minladi. «Kamp Nou» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2:0 hisobida yakunlandi, ikkala gol ham birinchi bo‘limda urildi — Markus Reshford va Ferran Torres gol mualliflari bo‘lishdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «Barselona» ochkolari sonini 91 taga yetkazdi va finishga uch tur qolganida Ispaniya chempioniga aylandi, undan keyingi o‘rindagi «Real»da esa 77 ochko. Kataloniya klubi ketma-ket ikkinchi yil sovrinni qo‘lga kiritdi va mamlakatning 29 karra chempioniga aylandi. «Real» turnirni rekord darajada 36 marta yutgan. «El-klasiko»dan oldin «Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flikning otasi vafot etdi, shunga qaramay nemis mutaxassisi o‘yinni o‘tkazib yubormadi.