Nyu-Yorkdagi Brayton-Bichda 9-mayga rejalashtirilgan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konserti bir qator amerikalik siyosatchilar bayonotlaridan so‘ng bekor qilinishi xavfi ostida qoldi. Nasso okrugi rahbari va shtat gubernatorligiga nomzod Bryus Bleykman, shuningdek, Nyu-York Assambleyasi deputatlari Maykl Novaxov va Alek Bruk-Krasniy chiqish o‘tkazilishiga qarshi chiqib, xonandani antisemitizmda aybladi.
Maykl Novaxov X ijtimoiy tarmog‘ida post e’lon qildi va unda san’atkorga nisbat berilayotgan iqtibosni diqqat bilan o‘qishga chaqirdi: «Qodir Tangri boshingizga barcha kulfatlarni yog‘dirsin, yahudiylar! Barcha dahshatlar sizning barcha zurriyotingiz, kelajak avlodlaringiz ustida davom etaversin».
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu so‘zlarni aytgan odamni “quchoq ochib kutib olishmoqda” va uni Bruklinda — Brayton-Bichdagi Oceana teatrida, “yahudiy jamoasining qoq markazida” chiqish qilishga taklif etishmoqda.
Siyosatchilar aytishicha, AQSh davlat kotibi Marko Rubioga “xonandaga berilgan barcha vizalarni qaytarib olish va bekor qilish” iltimosi bilan murojaat yuborilgan. Bundan tashqari, Usmonovaga uzr so‘rash taklif qilingani, biroq u rad etgani ham ta’kidlanadi.
Novaxov va Bleykman ushbu masala yuzasidan dushanba kuni, 4-mayda shoshilinch matbuot anjumani o‘tkazilishini e’lon qildi.