Xorazm viloyati fuqarosi Sohiba Ruzimova (1982 y.t.) firibgarlik, odam savdosi va fohishaxona (priton) saqlash haqidagi moddalar majmuiga ko‘ra 6 yil 2 oy ozodlikdan mahrum etildi. Nemolchi.Uz’ning nashrida bayon qilingan materiallardan kelib chiqib, jabrlanuvchi K. (2009 y.t.) 2025 yil fevralida yaqinlari bilan mojaro ortidan uydan ketgan, 2025 yil aprel—may oylarida esa, uning ko‘rsatmalariga ko‘ra, jinsiy ekspluatatsiya va tahdidlarga duchor bo‘lgan.

Ish materiallariga ko‘ra, 2025 yil 11 aprel kuni Ruzimova Telegram orqali K. bilan bog‘lanib, yashash joyi va nonvoyxonada ish taklif qilgan. Keyinroq, jabrlanuvchining ta’kidlashicha, Ruzimova uni ichki ishlar organlarida aloqalari borligini aytib, qasos bilan qo‘rqitgan holda jinsiy ekspluatatsiyaga majburlay boshlagan.

K.ning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil aprel o‘rtalaridan may boshigacha uni pul evaziga muntazam ravishda erkaklarga topshirishgan va pullarni Ruzimova olgan. Ko‘rsatmalarda qayd etilgan summalar 200 000 so‘mdan 1 000 000 so‘mgacha bo‘lgan. Qizning o‘ziga esa, aytilishicha, pul berilmagan.

Sud Ruzimovani jazolarni qo‘shish yo‘li bilan jami 6 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilishga hukm qildi:

• O‘zR JK 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda katta miqdorda firibgarlik) — 6 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish
• O‘zR JK 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam savdosi, moddaning eski tahriri) — 6 yil ozodlikdan mahrum qilish (sanksiya 8–12 yil ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutgan).
• O‘zR JK 131-moddasi 4-qismi «b» bandi (vositachilik va fohishaxona (priton) saqlash) — 5 yil ozodlikdan mahrum qilish.

Yengillashtiruvchi holatlar sifatida sud, jumladan, u oilaning yagona boquvchisi ekani va ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga oldi.

Jabrlanuvchi tomonidan tilga olingan to‘qqiz nafar erkak 2025 yil yozida O‘zR JK 128-moddasi 1-qismi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan. Biroq 2025 yil 2 sentabrda ularning uch nafari bo‘yicha ish «jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli» (JPK 83-modda) tugatilgan, qolgan olti nafari bo‘yicha esa aybdorlik masalasi hal etilmagan holda ish yuritish yakunlangan (JPK 84-modda 5-qismi 2-bandi).