Soliq qo‘mitasida blogerlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, 2025 yilda auditoriyasi 3 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan olti top-blogerning jami daromadi 2,7 mlrd so‘mni, to‘langan soliqlar summasi esa — 110,4 mln so‘mni tashkil etdi. Ma’lumotlar elektron hisobvaraq-fakturalar orqali taqdim etilgan rasmiy hisobot asosida keltirilgan.
Sohani o‘rganish doirasida 110 nafar eng faol bloger ro‘yxati shakllantirildi. Tekshiruv natijasida ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan sifatida, 33 nafari — yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgani, yana 22 nafari esa jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Idorada qayd etilishicha, bunday tuzilma amaldagi faoliyat bilan tanlangan huquqiy maqom o‘rtasida nomuvofiqlik borligini ko‘rsatadi.
Alohida ravishda olti top-bloger ko‘rsatkichlari o‘rganildi: 2025 yilda ular tomonidan 360 ta storis (o‘rtacha oyiga 5 ta storis atrofida) va 184 ta reklama e’loni joylashtirilgan. Uchrashuvda blogerlar hamjamiyati vakillariga reklama daromadlarini soliqqa tortish bo‘yicha qonunchilik normalari tushuntirildi hamda o‘zini o‘zi band qilgan maqomi xodim yollash huquqini bermasligi ta’kidlandi, holbuki amaliyotda ayrim blogerlarda administratorlar, yordamchilar va boshqa mutaxassislar jalb etilgan.
Uchrashuv ishtirokchilari savollariga javob oldi, shuningdek soliq majburiyatlarini tushuntirish va huquqiy savodxonlikni oshirish uchun o‘quv tadbirlarini o‘tkazish taklifi ham yangradi. Soliq qo‘mitasida blogerlar faoliyatini soliq qonunchiligi talablari bilan muvofiqlashtirish va daromadlar shaffofligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.